Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish takomillashtiriladi
04.03.2022 | 09:36
2011
Fermerlarga suv tejovchi texnologiya joriy etgan har bir gektar yeri uchun subsidiya beriladi
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish takomillashtiriladi

Prezident qarori bilan qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘oriladigan ekin maydonining har bir gektariga subsidiya beriladi. Bunda paxta maydonlari uchun 8 mln so‘m — Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 12 mln so‘m, sabzavot va poliz ekinlari uchun 1,5 mln so‘mdan 2,5 mln so‘mgacha, mevali ekinlar uchun 6 mln so‘m, uzum maydonlari uchun esa 8 mln so‘mdan ajratiladi. Buning uchun respublika byudjetidan joriy yilda 1 trln 182,4 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Qarorga muvofiq, 2022 yildan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun, jumladan, tomchilatib sug‘oriladigan ekin maydonining har bir gektariga quyidagi miqdorda subsidiyalar beriladi:

  • paxta maydonlari uchun — 8 mln so‘m (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi paxta maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun 12 mln so‘m);

  • sabzavot ekinlari va kartoshka ekin maydonlari uchun — 1,5 mln so‘m;

  • poliz ekinlari maydonlari uchun — 1,3 mln so‘m;

  • ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklar uchun — 2,5 mln so‘m;

  • mevali ekinlar uchun — 6 mln so‘m;

  • uzum maydonlari uchun — 8 mln so‘m.

Subsidiya mablag‘lari, hisob-kitob qilingan summaning:

  • 50 foizi tizim joriy qilingan yili ajratiladi;

  • 50 foizi kelgusi yili hosildorlik oshishi va uskunalarning ishlatilishiga qarab ajratiladi;

  • qo‘shimcha 20 foizi uchinchi yilda joriy qilingan tizimni ishlatgan holda yuqori hosildorlikni saqlab qolgan paxta, g‘alla va meva-sabzavot klasterlariga to‘lab beriladi.

Subsidiya mablag‘lari joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish tizimlari kamida 5 yil ishlatilishi sharti bilan ajratiladi.

Suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablag‘larning o‘rni to‘liq qoplanganidan so‘nggina ruxsat etiladi.

2022 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash uchun respublika byudjetidan 1 trln 182,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Qarorga ko‘ra, “Tomchi-reestr” pudrat korxonalarining yagona elektron reyestri ishlab chiqiladi.

2022 yil 10 martgacha suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish yuzasidan tegishli materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish hamda vakolatli organ va tashkilotlar bilan kelishishning “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi joriy qilinadi.