Mazkur loyiha Avstraliyaning “Rubicon Water Pty. Ltd” kompaniyasi tomonidan suv resurslaridan foydalanishning avtomatlashgan tizimini joriy etishni nazarda tutadi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Yevropa Ittifoqining Byudjet ko‘magi grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda, loyihaning umumiy qiymati 18,2 mlrd so‘m.
Bugungi kunda suv stressi reytingida O‘zbekiston Respublikasi 164 davlat ichida 25-o‘rinni egallamoqda.
O‘zbekistonda bir yilda o‘rtacha 50–60 km kub suv resurslari sarflanib, uning 90 foizi qishloq xo‘jaligi ehtiyoji uchun yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, so‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, 2030-yilga borib O‘zbekiston aholisi 40 mln.ga yetishi mumkin, shu sababli suv resurslari isteʼmoli 10–12% ga oshishi kutilmoqda.
Shuningdek, global iqlim o‘zgarishlari prognoziga ko‘ra, yaqin 10 yil davomida O‘zbekistonda suv resurslarining umumiy massasi 7–8 km kubga qisqarishi mumkin, shu tufayli suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.
Ushbu sharoitda qishloq xo‘jaligida suv resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish alohida o‘rin egallaydi.
Taʼkidlash joiz, mazkur masalada O‘zbekistonda suvdan foydalanishni raqamlashtirish bo‘yicha keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Bunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-5055-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori yaqqol misol.
Ushbu Qarorga muvofiq O‘zR Suv xo‘jaligi vazirligiga Astraliyaning “Rubicon Water Pty. Ltd” kompaniyasi yechimlari asosida suv resurslarini boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha sinov loyihasini ishga tushirish topshirildi.
Maʼlumot uchun: “Rubicon Water” kompaniyasi– ochiq irrigatsiya kanallarini boshqarishni avtomatlashtirish, gidrotexnik inshootlarni masofadan boshqarish va monitoring qilish, kanaldagi suvni aniq hisoblash, irrigatsiya xo‘jaliklarini boshqarishni raqamlashtirish, shuningdek, ekin maydonlarini avtomatlashtirilgan sug‘orish FarmConnect tizimi bo‘yicha yechimlarni taklif etuvchi yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri.
Bugungi kunga qadar “Rubicon Water” kompaniyasi tomonidan dunyoning 15 davlatida 30 mingdan ortiq suv resurslarini boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish qurilmalari o‘rnatilgan.
Mazkur qarordagi vazifalarni amalga oshirish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda avtomatlashtirish obyekti sifatida Qashqadaryo viloyatining Qamashi-Mirishkor kanali tanladi.
Nima uchun birinchi obyekt sifatida aynan Qamashi-Mirishkor kanali tanlandi?
Qashqadaryo viloyatida ushbu kanalda suv tanqisligi masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. Aynan ushbu qaror “Rubicon Water” kompaniyasi yechimlarining samaradorligi va afzaliklarini maksimal darajada ko‘rsatib beradi. Bundan tashqari, kanalda nasos stansiyalari kabi boshqa mexanizmlar ham qo‘llaniladi. Shu orqali “Rubicon Water” kompaniyasi qurilmalar va kompleks dasturiy taʼminot bo‘yicha o‘z yechimlarini keng qo‘llash imkonini ko‘rsatib beradi.
Loyiha doirasida kanalning 13,2-kilometrli bo‘lagida joylashgan 25 ta obyektda gidroinshootlar va 3 ta nasos stansiyalarida gidroo‘lchagichlar o‘rnatiladi, 7 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yerlar qamrab olinadi.
Loyihani amalga oshirish natijasida kanallarni boshqarish, suv sarfini hisoblash, kanalni masofadan boshqarish, kanaldagi suv yo‘qotishlarini qayd etish va uning oldini olish usullarini to‘liq avtomatlashtirishga erishiladi.
Shuningdek, kanalda suv resurslaridan foydalanishning umumiy ko‘rsatkichi 70 foizgacha kamayishi, sug‘orish uchun suvdan foydalanish samaradorligi 37 foizdan 90 foizga oshishi, suvdan oqilona foydalanish hisobiga 3,8 milliard so‘m mablag‘ tejalishi kutilmoqda.
Hozirgi kunda loyihani amalga oshirish doirasida kanalga avtomatlashtirilgan shlyuzlar va boshqa gidrotexnika vositalarini o‘rnatish va ishga tushirish bo‘yicha ishlar yakunlandi.
Qamashi-Mirishkor kanalida suv resurslarini boshqarishning kompleks avtomatlashtirilgan tizimi test rejimida ishlamoqda va loyihaning sinov aprobatsiyasi boshlangan.
Shuningdek, loyiha doirasida “Rubicon Water” kompaniyasi Kasbi tumani irrigatsiya boshqarmasi xodimlarini qurilmalar va avtomatlashtirilgan shlyuzlardan foydalanish hamda ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitmoqda.
Loyihani muvaffaqiyatli aprobatsiya qilish yakunlariga ko‘ra, “Rubicon Water” qurilmalarini Qashqadaryo viloyatidagi Obi-hayot va Qarshi magistral kanallarida o‘rnatish masalasi ko‘rib chiqiladi.