Agrar sohadagi loyihalar va ta’lim sifatini yaxshilash
28.04.2022 | 19:23
886
Prezident huzurida qishloq xo‘jaligida xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarning borishi hamda taʼlim sifatini yaxshilash masalalari muhokama qilindi
Agrar sohadagi loyihalar va ta’lim sifatini yaxshilash

Yig‘ilishda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yil yakuniga qadar 400 million dollarlik loyihalarni boshlash topshirildi. Bugungi kunda 580 ta yangi loyiha ishlab chiqilgan bo‘lib, kreditlar qisqa muddatga berilishi bois ularni amalga oshirish kechikmoqda. Shu munosabat bilan:

- vazirlikka loyihalarni ishga tushirib, lizing asosida sotish vakolati beriladi.

- Bog‘dorchilik agentligiga 1 mayga qadar 20 million dollar, natijaga qarab, yil yakuniga qadar yana 45 million dollar ajratiladi;

- buning hisobiga joriy yilda 6 ta viloyatda 1,8 ming gektarda intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etilib, tadbirkorlarga kamida 7 yil muddatga lizingga beriladi.

- 1 maydan bog‘ va tokzorlar barpo etish uchun kreditlar tadbirkorlarga kamida 10 yil muddatga ajratiladi;

- yil yakuniga qadar xususiy sektor bilan birga jami 115 ming tonnali 17 ta kichik agrologistika markazini ishga tushiriladi. Ular “tayyor holda” 5 yillik imtiyozli davr bilan kamida 10 yilga lizing asosida sotiladi.

Shu bilan birga yig‘ilishda 2022 yilda Andijon, Jizzax, Namangan, Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida agroxizmatlar markazlari tashkil etilib, 100 dan ortiq xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek:

- qishloq xo‘jaligida mablag‘larni boshqarish va monitoring qilish axborot tizimini ishga tushirish;

- yerlar va ekinlar hisobi hamda monitoringini yuritishni raqamlashtirish;

- 1 avgustga qadar 7 turdagi, 2023 yilda barcha turdagi subsidiya to‘lashni elektron tizimga o‘tkazish;

- suv balansi va sarfi hisobini yuritish hamda yerlarni to‘g‘ri sug‘orish ishlarini masofaviy monitoring qilish axborot tizimini 1 dekabrgacha Farg‘ona va Samarqandda, 2023 yilda barcha hududlarda joriy qilishga topshiriq berildi.

Prezident yangi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti 2022-2023 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlashi zarurligini qayd etdi.

Birinchi o‘quv yilida universitetda 7 ta mutaxassislik bo‘yicha 200 nafar talaba o‘qitiladi.