Yangi subsidiya xizmati joriy qilindi
05.09.2022 | 11:16
1087
“Agrosubsidiya” axborot tizimida yangi subsidiya xizmati joriy qilindi
Yangi subsidiya xizmati joriy qilindi

Endilikda talabgorlarga “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali Tomoqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, saralash, va qadoqlash uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyaga ariza qoldirish imkoniyati yaratildi.

Mazkur xizmat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tomorqa xo‘jaliklarida yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish tizimini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” 2022 yil 21-fevraldagi 81-son qaroriga muvofiq joriy qilindi.

Ushbu qarorga muvofiq omborxonalarni jihozlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, saralash va qadoqlash uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismiga subsidiya olish uchun tadbirkorlik subyektlari:

  • davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lgan;
  • tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan;
  • faoliyatini samarali amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan egalik yoki boshqa mulkiy huquq, shuningdek, ijara huquqi asosida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga javob beradigan ishlab chiqarish bino va inshootlariga hamda zarur texnik-texnologik vositalarga ega bo‘lishi;
  • omborxonalarni jihozlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, saralash va qadoqlash uskunalari talabgor tomonidan manzilli ro‘yxatga kiritish uchun ariza berilgan sanadan keyin xarid qilingan;
  • omborxonalarni jihozlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, saralash va qadoqlash uskunalarining xaridi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUK tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim.

2022 — 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga 4 ta yo‘nalish bo‘yicha, jumladan, omborxonalarni jihozlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish, saralash va qadoqlash uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.

Xizmatdan foydalanish uchun havola: http://agrosubsidiya.uz/uz/service/view/43