O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 oktyabrdagi “Suv taʼminoti og‘ir bo‘lgan hududlardagi aholi tomorqa yerlari va dehqon xo‘jaliklarini suv bilan kafolatli taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi PQ-394-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 oktyabrdagi “Tomorqada mahsulot yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash va uni yana-da rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 624-son qaroriga muvofiq “Agrosubsidiya” axborot tizimidagi Kichik va katta hajmdagi quduqlarni burg‘ulash uchun subsidiyaga ariza yuborish xizmatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, tuman ishchi guruhi tarkibi yangilandi, arizaga biriktiriladigan hujjatlar tarkibi o‘zgardi va arizani ko‘rib chiqish tartibi normativ hujjatlarga muvofiqlashtirildi.
Shu bilan birga, “Daryolar, kanallar va boshqa suv obyektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish” uchun subsidiyaga ariza yuborish imkoni yaratildi.
Subsidiya mablag‘i quyidagi tartibda shakllanadi:
- Suv taʼminoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqa yerini sug‘orish uchun chuqurligi 10 metrdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun 5 metrdan ortiq bo‘lgan kichik hajmdagi har bir vertikal sug‘orish qudug‘ini burg‘ulash va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarning birinchi metridan boshlab 100 foizini, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan (15 million so‘mdan) oshmagan miqdorda;
- Suv taʼminoti og‘ir hududlardagi kamida 30 ta aholi tomorqa yerlarini sug‘orish uchun katta hajmdagi vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarning 100 foizini, biroq 150 million so‘mdan oshmagan miqdorda;
- Fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun 0,15 gektardan 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda 30 yilga ijaraga berilgan va bitta konturda yoki yonma-yon ikkita konturda joylashgan kamida 30 ta dehqon xo‘jaliklari yerlarini sug‘orish uchun katta hajmli vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarning 100 foizi, biroq 150 million so‘mdan oshmagan miqdorda;
- Daryolar, kanallar va boshqa suv obyektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlarning 100 foizini, biroq 150 million so‘mdan oshmagan miqdorda shakllanadi.
Subsidiya xizmatlaridan quyidagi havolalar orqali foydalanishingiz mumkin:
Kichik hajmdagi quduqlarni burg‘ulash (tomorqa yer egalari uchun) - http://agrosubsidiya.uz/uz/service/view/15
Katta hajmdagi quduqlarni burg‘ulash (tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari uchun) - http://agrosubsidiya.uz/uz/service/view/16
Daryolar, kanallar va boshqa suv obyektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish - http://agrosubsidiya.uz/uz/service/view/47