O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Qishloq xo‘jaligi sohasiga ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2023 yil 2 avgustdagi PQ–257-son qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-sentyabrdan «Raqamli qishloq xo‘jaligi» yagona integratsion platformasi tarkibida «Agroplatforma» axborot tizimi joriy etiladi. Shuningdek, mazkur qaror bilan Prezidentning va Hukumatning ayrim qarorlariga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 fevraldagi 95-son qaroriga quyidagi o'zgartirishlar kiritildi:
- Unga ko'ra, Davlat byudjetidan subsidiya “Agro-subsidiya” YAAT orqali “Tomchi-reestr” YAERdan o‘tgan tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan loyihalar uchun ajratilish talabi bekor qilindi;
- suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilganlik uchun talabgorlarga subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xulosalarni rasmiylashtiruvchu tuman ishchi guruhi tarkibidan "Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining tuman bo‘limi boshlig‘i" chiqarib tashlandi. Endilikda, tuman ishchi guruhi quyidagi tarkibda shakllantirildi va ishchi guruh a'zolari quyidagilarga mas'ul hisoblanadi:
- tuman hokimi — ishchi guruh tomonidan talabgorlarning subsidiya ajratish to‘g‘risidagi arizalarini o‘z vaqtida joyida to‘liq o‘rganilishiga va rasmiylashtirilgan hujjatlarning haqqoniyligiga;
- tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — diskret sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan maydonlarni lazer uskunali yer tekislagichlar orqali sifatli tekislanganligiga, subsidiya ajratish bo‘yicha hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish va ularni muvofiqlashtirishga;
- tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i — suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan maydonning o‘lchami, kontur raqami va ekin turini aniqlashga;
- tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i — joriy qilingan texnologiya turi va uning sifat ko‘rsatkichlarini aniqlashga;
- tuman moliya bo‘lim boshlig‘i — subsidiyalarni mazkur nizom talablari asosida to‘g‘ri hisob-kitob qilinganligiga;
- xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankining tuman filiali boshqaruvchisi — talabgorlarning tijorat bankidagi hisobvarag‘i va STIR raqami to‘g‘ri kiritilishiga;
- tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi — quruvchi — pudrat tashkilotlari bilan tuziladigan shartnomalarda fermer xo‘jaliklari huquqini himoya qilishga.