Qoraq. Respublikasi uchun yangi subsidiya xizmat joriy qilindi
12.09.2024 | 17:38
388
2024-2025 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiyaga ariza yuborish imkoniyati yaratildi
Qoraq. Respublikasi uchun yangi subsidiya xizmat joriy qilindi

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 24 iyundagi 348-son qaroriga muvofiq “Agrosubsidiya” ATda 2024-2025 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiyaga ariza yuborish imkoniyati yaratildi.

Qarorga ko‘ra dastlab 2024 yilda Amudaryo, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlaridagi loyihalar uchun subsidiyalar aratiladi. 2025 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlaridagi loyihalar uchun subsidiyalar ajratiladi.

Subsidiya uchun arizalar dastlab tuman ishchi guruhi (Tuman hokimi – ishchi guruh rahbari, Tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i, Tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i, “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi rahbari, Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi, Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi boshlig‘i, Tuman prokurori, Tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i) tomonidan 4 ish kunida ko‘rib chiqiladi, so‘ng Qishloq xo‘jaligi vazirligi Suv xo‘jaligi vazirligi va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda arizalarni ko‘rib chiqib subsidiya ajratish/ajrtaishni rad etish xulosalarini qabul qiladi.

Subsidiya ajratish maqsadga muvofiq deb topilgan arizalar bo‘yicha muvofiq talabgorlarning tijorat bankidagi hisobvarag‘iga subsidiya mablag‘lari o‘tkazib beriladi.

Subsidiya lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilg‘i-moylash materiallari xarajatlarining 100 foizini, biroq 1 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda qoplab beriladi.