04.04.2025
|
16:23
1541
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 17 fevraldagi 97-son qaroriga muvofiq “Agrosubsidiya” ATda “2025-2026 yillarda xarid qilingan zamonaviy sholi urug‘ini ekish seyalkalari va ko‘chatlab ekish uskunalari uchun subsidiya”ga ariza yuborish imkoniyati yaratildi.
Endilikda, 2025-2026 yillarda ishlab chiqaruvchidan xarid qilingan va xarid qilinganligiga bir yildan oshmagan, mahalliy ishlab chiqarilgan yoki import qilingan zamonaviy sholi urug‘ini ekish seyalkalari hamda ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining 20 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Sholi yetishtiruvchi yuridik shaxslar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan yuborilgan arizalar tuman ishchi guruhi (Tuman hokimi - ishchi guruh rahbari, tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i — ishchi guruh rahbarining o‘rinbosari, “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi rahbari va Xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankining tuman filiali boshqaruvchisi) tomonidan ko‘rib chiqiladi. Subsidiya ajratish maqsadga muvofiq deb topilgan arizalar bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligi xaridorning tijorat bankidagi hisobvarag‘iga subsidiya mablag‘larini o‘tkazib beradi.
Xizmatga havola: https://old.agrosubsidiya.uz/uz/service/view/89