Fermerlarga isteʼmol qilingan elektr energiya qiymati qoplanadi
12.01.2024 | 18:24
1287
“Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchilarning nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari isteʼmol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash” xizmati joriy qilindi.
Fermerlarga isteʼmol qilingan elektr energiya qiymati qoplanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 yanvardagi PQ-5-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi 320-son qaroriga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchlar kiritildi. Mazkur qarorga muvofiq “Agrosubsidiya” axborot tizimida “Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchilarning nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari isteʼmol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash” subsidiya xizmati joriy qilindi.

Subsidiya isteʼmolchilarga:

– Paxta xom ashyosi va g‘alla ekinlarini mavjud tomchilatib, yomg‘irlatib yoki diskret sug‘orish tizimlaridan foydalangan holda sug‘orishda isteʼmol qilingan elektr energiyasi qiymatining 100 foizi;

– Paxta va g‘alla maydonlarini suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasidan foydalanmagan holda sug‘orishda isteʼmol qilingan elektr energiyasi qiymatining 50 foizi miqdorida ajratiladi.

Subsidiya uchun arizalar dastlab tuman ishchi guruhi so‘ngra Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Energetika vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda) tomonidan ko‘rib chiqiladi va tegishli xulosa asosida subsidiya mablag‘lari ajratiladi.