Xalqaro sifatni boshqarish tizimi joriy qilish uchun subsidiya
28.10.2024 | 18:02
211
Oziq-ovqat sanoati korxonalariga Xalqaro akkreditatsiya forumiga (IAF) aʼzo davlatlarda akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari tomonidan xalqaro sifatni boshqarish tizimini joriy qilish va sertifikatlashtirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari sinovlari uchun zarur bo‘lgan laboratoriya uskunalari, o‘lchash vositalari va jihozlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
Xalqaro sifatni boshqarish tizimi joriy qilish uchun subsidiya

Vazirlar Mahkamasining “Oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida” 2024 yil 1 avgustdagi 476-son qaroriga muvofiq “Agrosubsidiya” ATda “Oziq-ovqat sanoati korxonalarida Xalqaro akkreditatsiya forumiga (IAF) aʼzo davlatlarda akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari tomonidan xalqaro sifatni boshqarish tizimini joriy qilish va sertifikatlashtirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari sinovlari uchun zarur bo‘lgan laboratoriya uskunalari, o‘lchash vositalari va jihozlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplab berish” uchun subsidiyaga ariza yuborish imkoniyati yaratildi.

Qarorga ko‘ra oziq-ovqat sanoati korxonalariga xalqaro sifatni boshqarish tizimini joriy qilish va sertifikatlashtirish, laboratoriyalar uchun zarur bo‘lgan uskuna va jihozlarni xarid qilish hamda ishga tushirish xarajatlarning 50 foizini, biroq 500 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdori Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan qoplab beriladi.

Ariza dastlab hududiy ishchi guruh va Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda “Subsidiya ajratish/ajratishni rad etish” xulosalari qabul qilinadi.

Xizmatdan foydalanish uchun havola: https://old.agrosubsidiya.uz/uz/service/view/87